Tug‘ma nogiron tashhisi bilan dunyoga kelgan farzand ota-ona va uning yaqinlari uchun bir umrlik og‘riq. Bunday vaziyatda ota-ona o‘z nuridiydasining oldida o‘zini gunohkor sanaydi. Uning ertasidan har vaqt tashvishda bo‘ladi.
Hukumatimiz tomonidan imkoniyati cheklangan bolalarga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatiladi. Nogironlik nafaqasi tayinlanishidan tashqari, bolajonlar uchun maxsus ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar tashkil etilgan. Bu maskanlarda ularning tarbiyasi bilan logoped-defektologlar, psixonevrologlar, yuqori malakali tarbiyachilar shug‘ullanadi.
Ma’lumki, bunday bolajonlarga alohida e’tibor va mehr kerak. Agarda bola sog‘lom muhit va sog‘lom opa-ukalar bag‘rida voyaga yetsa uning aqliy hamda jismoniy yetukligi sog‘lom tengqurlari qatori me’yorida bo‘ladi.
Mutaxassislarning fikricha, bunday bolalar nafaqat oilada balki, bog‘cha va maktabda ham sog‘lom tengqurlari davrasida bo‘lishi jamiyat uchun faqat foydadir. Chunki bolada yashashga, ilm olishga, yuqori marralar sari intilishga ishtiyoq uyg‘onadi.
Shularni inobatga olib, 2014 yildan Inklyuziv ta’lim loyihasi doirasida imkoniyati cheklangan bolalarni ommaviy bog‘cha va maktablarga qabul qilish ishlari boshlab yuborildi. Loyihaning ijro jarayoni natijalari yuzasidan Toshkent va Toshkent viloyati bo‘yicha koordinator, nodavlat o‘quv korreksion-reabilitatsion markazi direktorining fikrlari bilan qiziqdik.
Dildora To‘laganova, mutaxassis:
— Poytaxtning Shayxontohur tumanidagi 324-sonli umumta’lim maktabida resurs tashkil etildi. Ya’ni ushbu ta’lim maskani imkoniyati cheklangan bolalar uchun maxsus moslama va qo‘llanmalar bilan ta’minlandi. Loyiha xozircha Shayxontoxur tumanidan 4 ta maktabgacha ta’lim muassasi, 4 ta umumta’lim maktabini, Mirzo Ulug‘bek tumanidan 1 ta maktabgacha ta’lim muassasini qamrab oldi. So‘nggi kunlarda Yunusobod tumanidagi 500-sonli MTM o‘zi taklif bilan chiqib, Inklyuziv ta’lim loyihasiga qo‘shildi.
Alohida ta’kidlash joizki, bugungi kungacha yuqorida qayd etilgan bog‘cha va maktablarga qabul qilingan bolajonlarning umumiy soni 73 nafarga yetdi.
Shuningdek, Toshkent viloyati, Samarqand, Namangan, Urganch va Termizda ham 3 tadan umumta’lim pilot maktablar va bittadan maktabgacha ta’lim muassasalari loyiha doirasida o‘z faoliyatini boshlab yubordi.
Imkoniyati cheklangan bolajonlarni ommaviy bog‘cha yoki umumta’lim maktabiga berish tartibi bo‘yicha ayni paytda tuman Xalq ta’limi bo‘limlarida tashkil etilgan maxsus komissiyaga murojaat etish mumkin.
Mazkur loyiha imkoniyati cheklangan bolalarning jamiyatimizga komil inson bo‘lib yetishishida muhim ahamiyatga ega. Kelajakda loyihaning qamrovi yana-da kengayib, o‘z samarasini beradi, degan umiddamiz.
Manba: Qalampir.uz