Shifokorlar ta’kidlashicha, to‘la sifatli kunduzgi uyqu bolaga quyidagicha ta’sir o‘tkazadi:
- sermahsul fikrlash va diqqatni bir yerga to‘plashga imkon yaratadi;
- ruhiy holatga ijobiy ta’sir qiladi;
- nevrologik buzilishlar va kasalliklar profilaktikasi vazifasini o‘taydi;
- olamni maksimal darajada mustaqil tarzda anglash va ota-ona nazoratiga minimal darajada ehtiyoj sezishda yordam beradi.
Ta’kidlash joiz, kunduzgi uyqu nafaqat yangi tug‘ilgan chaqaloqqa, balki bir yoshli bola uchun ham ijobiy xususiyat kasb etadi. Ko‘plab onalar bola kunduzi uyquga to‘ymasa, kechasi osonroq va qattiqroq uxlab qoladi, degan yanglish fikrda bo‘ladi. Aslida esa teskari manzara kuzatiladi: tetik bola uyquga keta olmaydi, tungi vaqtda ham hadeb uyg‘onaveradi. Bunday natijani juda oddiy qilib tushuntirib berish mumkin: organizmning asab hujayralari haddan tashqari charchaydi va o‘z ishini to‘la sifatli bajara olmaydi.
Kunduzgi uyquni to‘g‘ri tashkil qilish
- Uyquga ketish oldidan bajariladigan odatlarni shakllantiring: yuvinish, tish tozalash, soch tarash, kitob o‘qish kabi harakatlar bolada uyqu bilan bog‘liq assotsiatsiyani yuzaga keltirsin.
- Bolaning mustaqil tarzda uxlab qolishiga qo‘yib bering. Uyquga ketish tebratish, qo‘shiq aytish yoki emizishga bog‘liq bo‘lib qolmasin.
- Bolaning uyqusi qattiq bo‘lishida karavot, to‘g‘ri tanlangan to‘shak, yostiq va choyshab ham muhim rol o‘ynaydi. Karavot sifatli, allergiya chaqirmaydigan materiallardan yasalgan bo‘lishi va bolaning yoshiga mos kelishi kerak. To‘shakni shifokor maslahatiga ko‘ra tanlang, yostiq bir yoshgacha kerak emas, choyshablar esa tabiiy matodan tikilganiga ahamiyat bering.
- Uyqudan oldin xonada qulay harorat yarating, xonani shamollating.
Qancha uxlashni bolaning o‘zi hal qiladi
Bola kuniga qancha uxlashi kerak? — degan savolga har bir ona o‘z farzandining shaxsiy istaklaridan kelib chiqib javob topishi kerak. Taniqli pediatr Komarovskiyning tadqiqotlariga ko‘ra, bolalarning bir sutkada uyquga o‘rtacha ehtiyoji yoshga qarab quyidagicha bo‘ladi:
- 3 oylikkacha — sutkasiga 16—20 soat
- 6 oylikdan — sutkasiga 14—15 soat
- 1 yoshdan keyin — sutkasiga 13,5 soat
Ushbu raqamlardan tungi uyqu soatlarini ajratib olsak (taxminan 10—12 soat), bolaning kunduzgi uyqusi qancha bo‘lishi kerakligini aniqlash mumkin:
- 3 oylikkacha — 4—8 soat
- 6 oylikdan — 3—6 soat
- 1 yoshdan keyin — 2—4 soat
Agar bolaning uyqusi me’yoriga yetmayotgan bo‘lsa, biroq u o‘zini yaxshi his qilib, ishtahasi joyida bo‘lsa, tetik va quvnoq bo‘lsa, xavotirlanish kerak emas: bu bolaning organizmi aynan shunday uyqu rejimini talab qilayotganini bildiradi.