— Sakkiz yoshli qizim tengqurlariga nisbatan yirikroq ko‘rinadi. Kun sayin to‘lishib ketayotganidan esa qattiq xavotirdaman. Ishtahasi yaxshi, ammo shunga yarasha harakatchan ham. Nahot bolalarda ham gormonal o‘zgarishlar kuzatilsa?! Shu haqida ma’lumot bersangiz...
A.Murodova, Navoiy viloyati
Magina ARTIKOVA, shifokor-pediatr:
— 8-12 yoshli qizlarda kuzatiladigan vazn ortishi pubertat davriga o‘tish oldi holati bo‘lib, organizmdagi gormonal holat o‘zgarishi tufayli kelib chiqadi. Insulin ko‘p miqdorda ishlab chiqarila boshlangani uchun bolaning ishtahasi yaxshilanadi, odatdagidan ko‘proq taomlana boshlaydi. Bu vaqtda sizning asosiy vazifangiz taomnomani to‘g‘ri tashkillashtirish.
Yengil uglevodlar hisoblangan pirojniy, shirinliklar, sosiska, dudlangan kolbasa mahsulotlarini kamaytirish kerak. Kun davomida tez-tez, ammo kam miqdorda ovqatlanishga o‘rgating. Haftada ikki-uch marotaba sport to‘garaklariga qatnashsin. Suzish, badiiy gimnastika mashg‘ulotlari qomatni tartibga keltirishda asqatadi. Bordi-yu, kam iste’mol qilsa-yu, to‘lishishda davom etayapti, desangiz, endokrinolog shifokor ko‘rigiga olib boring. Gormonlar tahlili o‘tkazilgach, muammo nimada ekanligini aniqlashadi.
Manba: Darakchi.uz