MAKTAB DARSLIKLARI HAM ERKIN SAVDOGA ChIQARILADIMI?
Maktab darsliklari ham erkin savdoga chiqariladimi? Farzandlarimizga oliy ta’lim muassasalariga maxsus tayyorlanishlari uchun bu darsliklar juda zarur?
Salim Yusupov, Samarqand viloyati Narpay tumani
Alisher SA’DULLAYeV, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari:
— O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan 2014 yil 28 aprelda 2577 raqam bilan ro‘yxatdan o‘tgan "Umumta’lim maktablarini darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risida"gi Nizomida darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalarni erkin savdoga chiqarish bo‘yicha ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘rtasida o‘tkazilgan savolnoma natijasiga ko‘ra erkin sotib olish bo‘yicha istiqbol ko‘rsatkichlar muassasaning pedagogik kengashi tomonidan muhokama qilinadi va tegishli bayonnoma bilan rasmiylashtirilishi belgilab qo‘yilgan.
Umumta’lim maktablari bo‘yicha buyurtmalar hamda erkin sotib olish bo‘yicha istiqbol ko‘rsatkichlar xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish tuman (shaxar) bo‘limi tomonidan fanlar, ta’lim tillari, darsliklar va o‘quv metodik qo‘llanmalar nomlari hamda sinflar kesimida har bir umumta’lim maktabi bo‘yicha tahlil qilinadi va umumlashtiriladi.
Tuman (shahar) bo‘yicha buyurtmalar hamda erkin sotib olish bo‘yicha istiqbol ko‘rsatkichlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasiga taqdim etiladi.
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi erkin sotib olish bo‘yicha istiqbol ko‘rsatkichlar asosida zarur hajmlar va nomlardagi darsliklar hamda o‘quv metodik qo‘llanmalarning nashr etilishini ta’minlaydi.
Chakana savdo tarmog‘i orqali erkin sotish uchun nashr etilgan darsliklar va o‘quv metodik qo‘llanmalarni sotish uchun tegishli nashriyot, bosmaxona va kitob-savdo tashkilotlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda shaharlar va tumanlar markazlarida ixtisoslashtirilgan yarmarka-savdo shoxobchalari, olis aholi punktlarida darsliklar chakana savdosi tarmoqlari, shu jumladan maxsus maktab bozorlari tashkil etiladi.
Manba: Darakchi.uz