Kutubxona

Maktab formasi haqida

Men ham pedagog va tadqiqotchi sifatida maktab formasi mavzusiga o‘z munosabatimni bildirmoqchi edim. O‘quvchining tashqi ko‘rinishini bilim o‘zlashtirishiga ta’sir qilishi (hoh salbiy, hoh ijobiy bo‘lsin) ta’kidlanishi meni hayratga soldi. Asos-dalil bormi? Qaysi tadqiqotlar buni tasdiqlaydi? Agar rost bo‘lsa bu pedagogikada olamshumul ixtiro bo‘lardi. Erinmasdan Internetdan, millionlab kitob va dissertatsiyalar fondiga ega Toronto jamoat kutubxonasi, Toronto universiteti, Ontario ta’lim tadqiqotlari markazi kutubxonalaridan izladim. Bu borada olib borilgan tadqiqotlar ust kiyim o‘quvchining bilimni o‘zlashtirishiga ta’sir qilmasligini ta’kidlashgan. Yana eng g‘ashimga tegadigan fikr – falonchi mamlakatda shunday, bizda ham shuni qilamiz. Kattalar bunaqa xolatda “Hamma tomdan sakrasa, san ham sakraysanmi” degan naql darhol yodimga keladi. Yana bir bor, islohot o‘tkazishdan oldin tadqiqotlar o‘tkazish, hech bo‘lmasa boshqalarning tadqiqotlarini o‘qish kerak, tahlil qilish kerak. Maktab formasi xususida Oksford, Kembrij, Koreya va Yaponiya mamlakatlari misol qilib keltirilgan. Avvalo Oksford va Kembrij ingliz tilida maktab deyilsada, universitetlar. Bunday elit maktab va boshqa turda ta’lim muassasalarida forma bu boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi tafovutni ketkazish yoki ma’naviyatga asoslanish emas. Aksincha, hammaga ko‘z-ko‘z qilish, reklama, marketing, biznes. Boshqa tarafdan – Janubiy Koreya va Yaponiya. Negadir ularning ta’lim tizimi hammaga yoqishni boshladi. Bu davlatlar boyib borayotgani bilan ularning ta’lim tizimi zo‘r degani emas. Tadqiqotlarni o‘qiganmisiz? Koreya ta’lim tizimi ketkazilgan vaqt bilan natija solishtirilganda eng samarasiz, deb tan olingan qator tadqiqotlar asosida. Bu davlatlardan kelgan mening talabalarimning ko‘pchiligi muomala, kommunikativ ko‘nikmalar, tanqidiy fikrlash kabi 21 asrda eng muhim hisoblangan (tadqiqotlar asosida) ko‘nikmalar juda sust rivojlangan. Koreya, Yaponiya davlatlari o‘z joniga qasd qiluvchilar (xususan, maktabdagi yuklamani ko‘tara olmagan o‘quvchilar) soni bo‘yicha yetakchilik qilishadi.

Nodira Isamuhamedova