Toshkent shahar hokimligida 14 mart kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida shahardagi maktablar va o‘rta maxsus ta’lim muassasalaridagi o‘quvchilar davomati va o‘quv jarayoni tahlil qilindi. Bu haqda Kun.uz yozmoqda.
Matbuot anjumanida ma’lum qilinishicha, Toshkent shahrida joylashgan ta’lim muassasalarida o‘quvchilar davomatini yaxshilash va umumta’lim maktablari 9-sinf bitiruvchilarini ishga olish bo‘yicha shahar va tuman hokimliklarida doimiy ishchi guruhlar tuzilgan.
Shuningdek, O‘zbekistondagi maktablarda 1 mart kunidan boshlab «Kamolot» tarbiyachisi lavozimi paydo bo‘lgan. Bunday tarbiyachining asosiy vazifasi o‘quvchilarga darslarni o‘zlashtirishda yordam ko‘rsatish hamda ularning dars qoldirmasligini ta’minlash bo‘ladi.
Toshkent shahar hokimligi, shahar prokuraturasi, IIBB, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Xalq ta’limi boshqarmasi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi, «Mahalla» xayriya jamoat fondi, «Kamolot» YoIH shahar kengashi hamkorligida qabul qilingan «2016-2017 yilgi o‘quv yilida umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda o‘quvchilar davomatini to‘liq ta’minlash, 9-sinf bitiruvchilarini o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga o‘qishga qamrab olishni amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qo‘shma qarorga ko‘ra, «Kamolot» tarbiyachilari va maktab ma’muriyati 10 kun ichida doimiy ravishda darslarni qoldirayotgan o‘quvchi va talabalar ro‘yxatini tuzishi kerak bo‘ladi.
Shuningdek, 1 hafta muddat ichida barcha ta’lim muassasalaridagi real davomatni aniqlash, mahalla profilaktika inspektorlarini ta’lim muassasalariga biriktirish belgilangan. Profilaktika inspektorlari sababsiz dars qoldirayotgan, ta’lim muassasasi ichki tartiblariga rioya qilmaydigan o‘quvchilarning ota-onalari bilan ishlaydi.
Farzandlari tarbiyasiga salbiy ko‘rsatuvchi, shuningdek, ular tarbiyasiga e’tiborsiz ota-onalar bilan alohida ish olib borish va tuman hokimligi huzuridagi voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyalar yig‘ilishini o‘tkazib, o‘z vakolati doirasida tegishli choralar ko‘rish belgilangan.
O‘quv muassasalari rahbarlariga esa talab qattiq bo‘ladi. Maktab direktorlari real davomatni yashirgan hollarda ishdan haydaladi.