Ikki va undan ko‘p farzandi bor ota-ona shunday savol berishi ajab emas. Bir ota-onada katta bo‘layotgan bolalarning tarbiyasi, fe’l-atvori, jismoniy va aqliy rivojlanishi, munosabati ba’zida bir-birinikidan tubdan farq qilishi mumkin. Bir farzandimizning zehni o‘tkir bo‘lsa, biri juda xayolparast, biri aqlli bo‘lsa, ikkinchisi dangasa, biri muloyim bo‘lsa, ikkinchisi qo‘pol va hokazolar. Shunday solishtirishlarni cheksiz davom etish mumkin...
"Qara, ukang qanday aqlli, ikkita besh olib keldi, sen esa yana ikki bilan kelding", "Qachon singlingga o‘xshab xonani tozalab yig‘ishtirasan?", "Nega akangga o‘xshab bir joyda o‘tira olmaysan," kabi iboralar deyarli har kuni bolaning qulog‘iga chalinadi. Bundan faqat bitta natija kutsa bo‘ladi, bolaning o‘ziga bergan bahosi pasayib ketaveradi. Natijada o‘ziga bo‘lgan ishonchi ham so‘nib boradi. Bola, "Men hech narsaga loyiq emasman", "Men onamni niyatlarini oqlay olmadim," "Nima qilsam ham noto‘g‘ri chiqadi," kabi xayollar bilan katta bo‘ladi. Shunday qilib ota-ona o‘z qo‘llari bilan guldek farzandini sekin-sekin so‘ndirib qo‘yadi. O‘ziga ishonmaydigan, fe’l-atvori og‘ir, quloqsiz bola katta bo‘ladi.
Bolani tarbiya qilishda solishtirish eng yomon ta’sir qiladigan vositadir. U nafaqat foydasiz balki zararli ham.
Agar ota-onaning ko‘zida bir farzandi ota-onaga kerakli fazilatlarga ega bo‘lib, ikkinchisi unday bo‘lmasa, nima qilish kerak? Qanday yo‘l tutish kerak?
Ushbu savolga javob berishdan oldin mashhur amerikalik pediatr Sirs aytib bergan bir hikoyani keltiramiz.
Bir inson butun umr Italiyaga borishni orzu qilibdi. Uning do‘stlari ham Italiyaga borgan ekan, qo‘shnisi ham Italiyaga borib mazza qilib kelganini aytgan ekan. U ham bor pulini yig‘ib bir necha yildan so‘ng nihoyat Italiyada 1 oy dam olish uchun bilet sotib olibdi. Bu kunga qadar Italiya haqida, uning barcha qiziqarli joylari va odamlari haqida ko‘plab ma’lumotga ega bo‘lishga ulguribdi. Nihoyat Italiyaga borish kuni keldi. Samolyot qo‘ndi, lekin qandaydur sabablarga ko‘ra samolyot Italiyada emas Germaniyaga qo‘nibdi.
U inson g‘azablangan, nima qilishni bilmay juda asabiylashibdi. Axir bilet Italiyaga ediku, u shuncha yil Italiyaga borishga tayyorgarlik ko‘rgan ediku. Endi esa Germaniya! U Germaniya haqida biron ma’lumotga ham ega emas, bu yerda nima qiziqarli ekanligini ham o‘rganmagan, nihoyat bu uning orzusi emas edi...Endi nima qiladi?
Shunda u inson oldida ikki yo‘l mavjud:
Biri, qolgan 1 oy davomida asabiylashib, Italiyani armon qilib, orzu qilgan mamlakatiga bora olmaganidan afsuslanib vataniga qaytib borish bo‘lsa, ikkinchi yo‘l Germaniya haqida tezda kerakli ma’lumotlarni topib, uning qiziqarli tomonlari bilan va ajoyib joylari bilan tanishishga kirishish va yangi bo‘lgan qirralarini o‘ziga ochishdir.
Agar birinchi yo‘lni tanlasa, u butun sayohat davomida Germaniyani u bilgan va o‘rgangan Italiya bilan solishtirib, Germaniya ham aslida naqadar ajoyib mamlakat ekanligini bilolmay qaytib ketadi. Ikkinchi yo‘lni tanlasa, mazza qilib Germaniya ham ajoyib mamlakat ekanligiga amin bo‘lib, undan zavqlanib dam olib qaytadi.
Endi yuqoridagi savolimizga javob beradigan bo‘lsak, ota-onada ham ikki yo‘l bor:
Biri, bolasida boshqa farzandining fazilatlarini izlab, unga o‘xshay olmaganidan afsuslanib yashash, yoki ikkinchi yo‘l, har bir farzandi o‘zgacha va o‘ziga xos boylik va kamchiliklarga ega ekanligini tan olib, har bir farzandidagi o‘ziga xos boshqasiga o‘xshamaydigan qirralaridan zavqlanib yashashdir.
Misol uchun yaxshi o‘qimaydigan bola sportta juda kuchli bo‘lishi mumkin, dangasa o‘zida ijodkor xususiyatlarini bekitayotgan bo‘lishi mumkin, yoki xayolparast ilmga chanqoq bo‘lib voyaga yetishi mumkin. Faqat buning uchun ota-ona har bir farzandi o‘zgacha ekanligini bilib, har biri o‘ziga xos ajoyib qirralarga ega ekanligini ko‘ra bilishi va bolada shunga ishonch hosil qila olishi muhim.