Nutq muammolariga nisbatan aytiladigan «til ostini kestirish», aslida, mavjud amaliyot. Biroq uni amalga oshirish uchun til osti yungagining kaltaligi yoxud noto‘g‘ri joylashgani haqidagi tashxis tasdiqlanishi lozim. Zero, yungak bilan bog‘liq muammolar nafaqat talaffuzga, balki og‘iz bo‘shlig‘ining chaynov jarayoniga ham ta’sir etadi. Asosiy savolga qaytsak, yungakni kestirish kerakmi yoki yo‘q? Javob uchun mutaxassis — shifokor-stomatolog Sherzod XANNAROVga yuzlanamiz.
Yungak asli nima?
Pastki jag‘ sohasida tilni ushlab turuvchi elastik to‘qimadan iborat yungak, nafas olish, taomlanish va so‘zlashuv jarayonida tilning erkin harakatlanishini ta’minlaydi. Bolaning og‘iz bo‘shlig‘ida uchta yungak mavjud bo‘lib, biri til ostida, ikkinchisi yuqori lab va milklar, uchinchisi pastki lab va milklar o‘rtasida joylashgan. Yungakning me’yordan kalta yoki noto‘g‘ri joylashgani tug‘ma patologiya bo‘lib, angilogossiya deyiladi.
Xavf nimada?
Yuqori va pastki lab yungagining kaltaligi go‘dakning ko‘krak tuta olmasligiga sabab bo‘lishi mumkin. Natijada mittivoyning qorni to‘ymay, vazni me’yordan ortda qoladi, bezovtaligi ortadi. Bunday holatlarda, albatta, pediatr ko‘rigi talab qilinadi. Shuningdek, yuqori va pastki lab yungagidagi o‘zgarish tishlarni diastema (tish orasining ochilib qolishi) holatiga ham olib kelishi mumkin.
Uch yoshdan katta bo‘lgan bolalarda til osti yungagining qisqaligi tishlam qatorining noto‘g‘ri rivojlanishi va nutq jarayoniga ta’sir etadi. Bolakay «R» xarfini talaffuz qilishga qiynaladi, so‘zlarni uzuq-yuluq ifodalaydi.
Sabablari ma’lummi?
Og‘iz bo‘shlig‘idagi mazkur patologiyaning kelib chiqishi ayol homiladorlik davrida turli kasalliklar bilan og‘rigani hamda irsiy moyillikka borib taqaladi. Biroq bu ham aniq ma’lumot emas. Ba’zan ota–ona va yaqin qarindoshlarda uchramagan og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklari go‘dakda yuzaga kelishi mumkin.
Tekshirib ko‘ring
Ko‘rsatkich barmoqqa sterillangan bintni o‘rab, bolaning og‘zini oching va tilini asta ko‘taring. Me’yorda yungak 8 mm bo‘lib, tilning boshlanish qismi, asosi va uchiga birikkan bo‘ladi. Qisqa shakldagi yungak esa tilning shilliq qavatiga yopishganroq, burmali ko‘rinishda aks etadi.
Logoped yordam beradimi?
Yuqori va pastki lab yungagidagi muammoda logoped mashqlari naf bermaydi. Biroq til osti yungagi uchun ayrim usullar bor. Avval og‘iz bo‘shlig‘idagi yumshoq to‘qimalar yumshatilishi lozim. Bu ishni yaxshisi mutaxassisga topshiring. So‘ng til uchidan tutib, asta tortish, yon tarafga harakatlantirish mashqlari olib boriladi. Bir kunda ikki mahal, bir oy davomida shug‘ullanish yungak to‘qimasining cho‘zilishiga ko‘mak berishi mumkin.
Shifokor ko‘rigi qachon kerak bo‘ladi?
Yungak patologiyasi stomatolog-shifokor ixtisosligiga kiradi. Ammo hamisha ham elastik to‘qimani kestirish shart emas. Agar bolaning nutqida muammo bo‘lmasa, ovqatlanayotganida chaynov jarayoni me’yorda kechsa, yungakni kestirish talab qilinmaydi. Buning aksi bo‘lganida esa mutaxassis quyidagi uch amaliyot turini taklif etadi:
- Frenotomiya – yungakni uzaytirish maqsadida kesim hosil qilish;
- Frenektomiya – til shilliq qavtiga yopishgan yungakni ajratish;
- Frenuloplastika – yungak joylashuvini o‘zgartirish.
Maqbul yosh qaysi?
Yungak korreksiyasiga individual tarzda yondashiladi. Yuqori lab o‘rtasidagi yungakni kesish amaliyoti kurak tishlar chiqib bo‘lgach, bola 6 yoshga to‘lganida o‘tkazilsa, pastki lab orasidagi yungakni kesishga 4 yoshdan so‘ng murojaat qilinadi. Til osti yungagi esa go‘dak bir yoshga to‘lguniga qadar va undan keyin ham bajarilishi mumkin.
Og‘riq bo‘lmaydimi?
Shifokor yungakning kerakli qismidan kichik kesim hosil qilib, atrofiga so‘rilib ketuvchi ip bilan chok tushiradi. Amaliyot umumiy narkoz va og‘riqsizlantiruvchi vositalar ta’sirida o‘tkaziladi. Shuningdek ushbu jarayon lazer nuri yordamida ham bajarilib, kam shikast yetishi bilan afzalroqdir.
Samira ULUG‘BEKOVA tayyorladi.
Manba: «Sug'diyona» gazetasi