O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 avgust kuni ta’lim tizimiga oid topshiriqlar ijrosiga bag‘ishlangan majlis o‘tkazdi, deb yozadi Kommersant.uz.
Unda, jumladan, 10-sinf o‘quvchilari haftada 5 kun umumta’lim fanlarini va 1 kun kasbiy fanlarni o‘rganishi belgilandi. Kasb-hunar kollejlaridan uzoq masofada joylashgan 2703 ta maktab uchun 1103 ta maktabda, 6956 maktab uchun esa 615 ta kollejda o‘quv ishlab chiqarish majmualari tashkil etiladi.
Maktablarda 10-sinf ochilishi munosabati bilan 22 ming o‘qituvchiga ehtiyoj yuzaga keladi. Shularning 9,5 ming nafari oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari hisobidan, 13 ming nafari litsey va kollejlar o‘qituvchilarini jalb etish hisobidan qoplash rejalashtirilyapti.
2017-2018 o‘quv yilidan boshlab, 10-sinflarda dars beradigan 116 ming nafar o‘qituvchining kasbiy bilimlarini yangilash va chuqurlashtirish maqsadida qisqa muddatli malaka oshirish kurslari yo‘lga qo‘yildi.
10-sinf o‘quvchilari uchun 8,5 million nusxa darslik va o‘quv-metodik qo‘llanmalar chop etilib, ayni paytda ta’lim muassasalariga yetkazilmoqda.
Shuningdek, majlisda Bu yil 1-sinfga qabul qilinadigan 650 ming nafar o‘quvchi uchun “Prezident sovg‘asi” sifatida 12 nomdagi o‘quv qurollari solingan maktab sumkalari tayyorlanib, joylarga to‘liq yetkazilgani ma’lum qilindi.