O‘zbekiston 200 nafar taniqli qalam ustalaridan iborat guruhga qo‘shildi. Ushbu guruh romannavislar, dramaturglar va shoirlardan iborat bo‘lib, ularning barchasi «Kichik hikoyalar» kampaniyasida ishtirok etmoqda. Bu haqda Daryo.uz ma’lum qildi.
Taxminan 7 qatordan iborat mitti hikoyalarda 20 noyabr kuni nishonlanuvchi Jahon bolalar kunining mohiyati yoritiladi. UNICEF har bir bolani yordam va umid bilan ta’minlash yo‘lidagi 70 yillik mehnat faoliyati sanasini nishonlashni aynan mitti hikoyalar turkumi bilan boshlamoqda.
«Kichik hikoyalar» kampaniyasida Chimanda Adichi, Paulo Koelo, Kristina Lamb, Nuriddin Farah va boshqa dunyoga mashhur yozuvchilar qatnashmoqda. O‘zbekistonlik bir qator adiblar ham bolalar uchun dunyo qanday bo‘lishini istashlarini tasvirlash harakatiga qo‘shildi.
UNICEF dunyoning 7 qit’asidagi yozuvchilarni bolalar ravnaqi uchun qalam tebratishga chorlaydi. Ushbu tashabbusning g‘oyasiga ko‘ra, mualliflar «Har bir bola uchun nimani istayman» mavzusida qisqa, ta’sirchan hikoyalar yozadi va ularni Facebook sahifalarida e’lon qiladi. Bu hikoyalar matonat, umid va muhabbatga bag‘ishlangan bo‘ladi.
«Biz O‘zbekiston hukumatiga mamlakatdagi har bir bola unga maqbul dunyoda yashashi uchun teng va odilona imkoniyatlarga ega bo‘lishlarini ta’minlash yo‘lidagi harakatlariga yordam berishda davom etamiz. Ushu ‘Kichik hikoyalar’ hammamizga bolalarning barcha huquqlarini ta’minlash borasida ular oldidagi ahdlarimizga sodiq qolishimiz lozimligini eslatadi,» — deydi UNICEF’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Grauman.
«Kichik hikoyalar» kampaniyasi BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qabul qilingan sanani nishonlash uchun 25 noyabrga qadar davom etadi.