Bilasizmi?

O‘zbekistonda bog‘chalar uchun alohida vazirlik tashkil etiladi

O‘zbekistonda Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etiladi. Bu haqda 23 avgust kuni Xalqaro press-klub uchrashuvida xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov ma’lum qildi.

Vazir nega Xalq ta’limi vazirligidan maktabgacha ta’lim muassasalarini ajratish zururiyati tug‘ilganiga izoh berib o‘tdi:

"Gap shundaki, Prezidentimiz vazirlik bilan uchrashuvida shunday vazifa qo‘ydilar-ki, unga ko‘ra bolalar bog‘chadan maktabga ilm olishga tayyor holda kelishlari kerak. Shu munosabat bilan Maktabgacha ta’lim vazirligini tashkil etish zaruriyati tug‘ilyapti. Va bu yerda bolalarni maktabga tayyorlash metodikasi masalasi ham bor. Shu nuqtai nazardan, bog‘cha bolalarini tarbiyalash, o‘qitish metodikasini yaratishimiz kerak. Bu bo‘yicha Prezidentimiz topshiriqlar berdilar".

Ulug‘bek Inoyatov "Maktabgacha ta’lim muassasalarining faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida"gi Vazirlar Mahkamasining 19 iyuldagi qarorida tasdiqlangan yangi qoidaga ham to‘xtaldi. Unda maktabgacha ta’lim muassasasiga 3-7 yoshdagi bolalar qabul qilinishi (ilgari ushbu yosh 2-6 yoshni tashkil etardi) belgilangandi.

"Bola 2 yoshidan bog‘chaga borganda mustaqil qo‘lini yuvolmaydi, ovqatlanolmaydi, hojatga chiqolmaydi. Endi bog‘chalarning vazifasi bolani faqat parvarishlashdan iborat bo‘lmaydi, balki ta’lim va tarbiya beradi. Shu bois boshqa davlatlarning tajribasini o‘rgangan va maslahatlashilgan holda O‘zbekistonda ham maktabgacha ta’lim muassasalariga bolalarni 3 yoshdan qabul qilishga qaror qilindi", - deydi xalq ta’limi vaziri.