Bilasizmi?

O‘zbekistonda maktablar 11 yillik bo‘ladimi ?

Bir necha kunlardan buyon jtimoiy tarmoqlar va qator elektron nashrlarda O‘zbekistonda 11 yillik ta’lim tizimi qayta joriy etilishi haqida turli xabarlar tarqalmoqda.

Ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida "Mulohaza" nashri Xalq ta’limi vazirligi mutaxassislari bilan bog‘lanib, ulardan quyidagicha javob oldi:

“Ta’lim to‘g‘risidagi qonunning 10-moddasida O‘zbekiston Respublikasida ta’lim maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, oliy ta’lim, oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash, maktabdan tashqari ta’lim turlarida amalga oshirilishi qayd etilgan.

Shuningdek, umumiy ta’lim dasturlari: maktabgacha ta’lim, boshlang‘ich ta’lim (I-IV sinflar), umumiy o‘rta ta’lim (I-IX sinflar), o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limini qamrab oladi.

Shu bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi Kadrlar tayyorlash milliy modelining o‘ziga xos xususiyati mustaqil ravishdagi to‘qqiz yillik umumiy o‘rta hamda uch yillik o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limini joriy etishdan iboratdir. Bu esa, umumiy ta’lim dasturlaridan o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi dasturlariga izchil o‘tilishini ta’minlaydi.”

Vazirlik manbasining ta’kidlashicha, o‘quv dasturlarini takomillashtirish, ta’lim sifatini oshirishga doir keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq 11 yillik ta’lim tizimiga o‘tish masalasi kun tartibiga kiritilmagan va bu borada biror rasmiy hujjat e’lon qilinishi rejada ham yo‘q.

Demak, mamlakatimizda 11 yillik ta’lim tizimiga qayta o‘tilishi haqidagi barcha xabarlar asossiz.

Manba: Uz24.uz