Bilasizmi?

Olimlar bolani ona suti bilan boqishning yana bir foydali tomonini kashf qilishdi

Ma’lum bo‘lishicha, ona suti yangi tug‘ilgan go‘daklar miyasining rivojlanishida katta rol o‘ynaydi, bu esa ularning keyingi hayotiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Ona suti bilan boqilgan bolalar yuqori IQ (aqliy salohiyati) natijalarini ko‘rsatishgan, bundan tashqari, ularning xotirasi, harakatlari va biror narsani o‘rganishi yaxshiroq rivojlangan bo‘ladi. Amerikalik olimlarning tadqiqot natijalari The Journal of Pediatrics nashrida chop etilgan, deb yozadi Sof.uz.

AQShlik tadqiqotchilar jamoasi kamida 28 kun davomida ona suti bilan boqilgan 180 nafar boladan iborat guruhni to‘plashdi. Olimlar 7 yoshdagi bolalarni o‘rganib chiqib, ularning miya hajmi, shuningdek o‘qish, matematik bilim, nutq, xotira kabi aqliy salohiyati bo‘yicha test natijalari turli xil aralashmalar bilan boqilgan tengdoshlariga nisbatan ko‘p jihatdan ustun ekanligini aniqlashdi.

Olimlar bir ovozdan bolani tug‘ilishi bilanoq ona suti bilan boqishni tavsiya qilishmoqda. Ular bolaning rivojlanishiga ko‘plab tashqi omillarning ta’sir ko‘rsatishini hamda ona suti – ulardan birigina ekanligini yaxshi bilishadi. Biroq tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, bu omil juda muhim, shu bois jiddiy sabab bo‘lmasa, bolani bundan mahrum qilish kerak emas.