Dunyoning aksariyat mamlakatlarida o‘rta ta’lim maktablarida qiz bolalar o‘g‘il bolalarga nisbatan yaxshi o‘qiydi. Qizlarning ta’lim bo‘yicha muvaffaqiyatlari jinslar tengligi, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanganlik darajasiga bog‘liq emas. Bu haqda Sof.uz yozmoqda.
Tadqiqotchilar 74 davlatdan bir yarim million nafar 15 yoshli maktab o‘quvchilarining olgan baholarini o‘rganib chiqdi. Bunda turli fanlar bo‘yicha baholar qamrab olindi.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘rganib chiqilgan mamlakatlarning 70 foizida qizlar o‘g‘illardan yaxshiroq o‘qiydi. Faqat Kolumbiya, Kosta-Rika va Hindistonning Ximachal Pradesh shtatidagina natijalar teskari bo‘ldi.
Buyuk Britaniya, AQSh kabi rivojlangan mamlakatlarda ikkala jins vakillari o‘zlashtirishi o‘rtasidagi farq eng kam bo‘lib chiqdi. Jinslar orasida katta tengsizlik hukm suruvchi Qatar, Iordaniya, BAA kabi davlatlarda esa qizlarning o‘qish darajasi o‘g‘illarnikidan eng baland ekanligi aniqlandi.
Tadqiqot natijasida jamiyatdagi jinslararo tenglik o‘zlashtirishga hech qanday ta’sir o‘tkazmasligi ayon bo‘ldi, misol uchun, Finlyandiya va Qatarda o‘quvchi qizlarning o‘qish darajalari bir xil bo‘lib chiqdi.