Bilasizmi?

O‘sayotgan bolani to‘g‘ri ovqatlantirish

Bola jismonan rivojlanishi uchun uni to‘g‘ri ovqatlantirish zarurligini barchamiz bilamiz. Lekin aqliy rivojlanish uchun ham kerakli mahsulotlarni iste’mol qilish foyda keltirar ekan. Maktab yoshidagi bolalarnining o‘sayotgan organizmi uchun ovqatlanish tarzi eng muhim hisoblanadi.

Aqlli va sog‘lom bolani o‘stirmoqchi bo‘lsangiz quyidagi maslahatlar bilan tanishib chiqing:

  • Bola xilma-xil ovqatlardan iste’mol qilishi kerak. Iste’mol qilinayotgan mahsulotlar turi qanchalik ko‘p bo‘lsa, ovqat ratsioni qanchalik xilma-xil bo‘lsa, buning foydasi shunchalik ortadi. Bola kichikligidan har xil ta’mlarga o‘rgangan bo‘lishi kerak.
  • Bola go‘sht mahsulotlaridan ko‘proq iste’mol qilishi darkor. Go‘sht - bu oqsil manbaidir. Oqsil esa organizmdagi gormonlar, fermentlar va antijismlarning shakllanishida katta ahamiyatga ega. Undan tashqari oqsil organizmdagi suv mutanosibligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Oqsil o‘sayotgan bola organizmini sink moddasi bilan ta’minlaydi. Agar bolada sink yetishmovchiligi bo‘lsa, u gripp kasalligiga ko‘p chalinadi, sekin o‘sadi, ishtahasi past bo‘ladi va xotirasi yaxshi rivojlana olmaydi.
  • Yog‘larning "foydali" larini bolaga yediring. Masalan, Omega-3 yog‘lari miya rivojlanishiga, ko‘rish qobiliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Omega-3 yog‘i danaklarda, zaytun yog‘ida mavjud. Sariyog‘ bolaga foyda keltirmaydi, qand diabeti bilan kasallangan bolalar uchun u zararli hisoblanadi.
  • Kalsiy bolaning salomatligi uchun nihoyatda muhim mineral hisoblanadi. Kalsiy suyaklarning to‘g‘ri o‘sishi, organizm qon bilan ta’minlanishi va hattoki yaxshi uyqu uchun juda kerak. Organizmda kalsiy yetishmovchiligi mavjud bolalar juda asabiy, bir joyda o‘tira olmay fikrini yig‘a olmaydigan bo‘ladilar.

1 dona sabzini qirg‘ichdan chiqarib mayda to‘g‘ralgan shaftoli (konservadagi shaftoli yoki turshak) qo‘shamiz. Aralashtirib 1 choy qoshiq smetana solamiz. Sabzidagi vitaminlar organizmga aynan smetana bilan yaxshi qabul qilinar ekan.

  • Bolalar meva va sabzavotlardan ko‘p iste’mol qilishlari zarur. Meva va sabzavotlar ko‘plab vitamin va mikroelementlarga boy. Sabzavotlarning yorqin ranglilarini iste’mol qilish tavsiya etiladi. Maktab yoshidagi bola kuniga kamida 3-4 xildagi meva-sabzavotdan 5-9 marta oz miqdordan taomlar bilan iste’mol qilishi lozim.
  • Suvning ahamiyati haqida unutmang. Inson organizmi uchun suv nihoyatda muhimdir. Suv charchovni oladi, organizmni ozuqa moddalar bilan ta’minlaydi, tana haroratini nazorat qiladi, bolaning shilliq a’zolarini namlab ba’zi bakteriyalardan himoya qiladi. Bola so‘ramagan holda ham unga muntazam ravishda suv ichirib turish kerak. Faqat sharbat, choy yoki boshqa ichimlikni emas, balki toza qaynatilgan suvni ichirish maqsadga muvofiq bo‘ladi.