Statistik ma’lumotlar oilalarda ajrashish holatlarining ko‘payganligidan dalolat beradi. Ota-onalarning ajrashishi bola uchun oshkora yoki yashirin ruhiy jarohatdir. Bola uchun ajrashishning salbiy oqibatlarini minimal darajada kamaytirish haqida so‘z borar ekan, birinchi navbatda bola kim bilan qolayotgan bo‘lsa, o‘sha xonadonda bola uchun odatiy hayot tarzi, odat va ko‘nikmalar, an’analarni saqlab qolish masalasini hal etish lozim.
Agar bola onasi bilan qolayotgan bo‘lsa, bundan keyin uning tarbiyasida ota qanday o‘rinni egallashi muhokama etilishi kerak. Ajrashgandan keyin ham farzandining hayotida faol ishtirok etgan, uning qo‘shimcha ta’lim olishi, sifatli dam olishiga hissa qo‘shgan, shuningdek, kerak bo‘lganda shoshilinch yordam ko‘rsatgan otalar tajribasidan o‘rnak olish mumkin.
Qaysi yoshda bolaga ajrashganlik haqida ma’lum qilish mumkin?
Taxminan uch yoshda. Bog‘cha yoshdagi bolaga endi uning otasi birga yashamasligi lekin vaqti-vaqti bilan uni ko‘rishga kelib turishini aytishning o‘zi yetarli. O‘smir yoshdagi bolaga esa ko‘proq narsani aytish mumkin. (Ammo batafsil ma’lumotlar, yaxshi ko‘rmay qolganligi, xiyonat qilganligi yoki yaramas odam bo‘lib chiqqanligini aytish yaramaydi). Agar bola juda kichik bo‘lsa, bu mavzudagi suhbatni unda otasi haqidagi savollar paydo bo‘lgunga qadar kechiktirish mumkin.
Bunday suhbat davomida ayol kishi o‘zini qo‘lga ola bilishi va aksariyat ajrashayotgan ota-onalarga xos xatolarga yo‘l qo‘ymasligi lozim. Buning uchun quyidagi taqiqlarni yodda tutish lozim:
- Bolaga uning otasini yomonlash kerak emas.("Otang yaxshi odam emas" kabi)
- Yuz bergan hodisada boshqa qarindoshlarni ayblash ham noto‘g‘ri. ("Bular sevimli buvijoning harakatlarining natijasi...")
- Ajrashish uchun bolani ayblash kerak emas ("Sen o‘zingni yomon tutganliging, menga yordam bermaganliging uchun...")
Ota-onasining ajrashganligidan xabar topgan bolaning o‘ziga bo‘lgan munosabati o‘zgarishi mumkin. "Tashlab ketilganlik" tuyg‘usi bola o‘zini hech kimga kerak emasdek his qilishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun ularning aksariyati odamlardan uzoqlashishga harakat qila boshlaydi. Ba’zida ularga berilgan savollarni ham payqamasligi mumkin. Boladagi bunday o‘zgarishlarni uning yaqinlari tarbiyasizlikka yoki yomon odatga yo‘yishi mumkin. Biroq uni jazolashdan avval bu bilan u ongsiz ravishda nimani ro‘yobga chiqarishga urinayotganligi haqida o‘ylab ko‘rish lozim. Balki bola faqat shu yo‘l bilan yaqinlarining e’tiborini o‘ziga jalb qilayotgandir.
Bolalar ajrashish natijasida yuzaga keluvchi ruhiy zarbaga turlicha javob qaytarsa-da, ularda ba’zi bir umumiylik ham bo‘ladi.
Masalan, qiz bolalar barcha siqilishlarini "o‘zidan" o‘tkazib, tashqi tomondan namoyon qilmasligi mumkin. Biroq bunday vaziyatga moslashishning boshqa jihatlari paydo bo‘lishi mumkin: ishchanlik qobiliyatining pasayishi, tez charchash, tushkunlik, muloqotdan qochish, yig‘loqilik, serzardalik. Ular tez-tez sog‘lig‘idan shikoyat qila boshlashi mumkin: hali barmog‘i og‘rib qolsa, sal o‘tmay qorni yoki bosh og‘rig‘idan nolishi mumkin. Bunday hollarda bolani aldamchiga chiqarmasdan, unga ko‘proq e’tibor berish kerak. Qiz bolalar bularni haqiqatan ham his qilishi va bu asabiylikning oqibati bo‘lishi mumkin. Bunda psixolog yoki nevropatologning yordami asqotadi.
O‘g‘il bolalarga esa xulq-atvorning ochiq-oydin buzilishi xos: bu o‘g‘rilik, uydan uzoqlashish yoki beodob so‘zlashish bo‘lishi mumkin. Ota-onaning ajrashishidan qiz bolalar qayg‘u va xafagarchilikni his qilsa, o‘g‘il bolalarda bu hissiyot g‘azab va tajovuzkorlikda aks etadi. Boshqacha aytganda, qiz bolalarning siqilishi ularning o‘ziga tashvish tug‘dirsa, o‘g‘il bolalar atrofdagilar uchun muammolarni yuzaga keltira boshlaydi.
Birga yashamasa ham har ikkala ota-onasining mehri va g‘amxo‘rligini his qilgan bola hamkorlik qilish uchun yo‘l topa olmagan ota-onalarning farzandiga qaraganda hayotda o‘zini ko‘proq himoyalangan va baxtliroq his qiladi!
Maqolani tayyorlashda internet manbalaridan foydalanildi.