Salomatlik

Ovqatga allergiya

Ba’zi bolalarda biron yegulikka allergiya bo‘lishi mumkin. O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lganlarda mahsulotlarga allergiya namoyon bo‘lish ko‘rsatkichlari yildan yilga ortib bormoqda.

Bolada biron mahsulotga allergiya bo‘lsa, bu haqda ota-ona bilishi kerak. Allergik reaksiya ba’zida hayotga xavf soldiradi.

Bolada allergik reaksiya qanday sodir bo‘ladi?

Bola yegan mahsulotni organizmi yoddek qabul qilsa, uning immun tizimi bu "yod" mahsulotga qarshi kurash boshlaydi, natijada organizmda antitanachalar hosil bo‘ladi. Keyingi safar bola yana o‘sha mahsulotdan yesa, antitanachalar immun tizimini kurashga chorlaydi va organizmda gistamin moddasi ishlab chiqarila boshlanadi.

Gistamin biz uchun tanish bo‘lgan allergik alomatlarni yuzaga keltiradi. Bu alomatlar o‘tkir va o‘tkirmas bo‘lishi mumkin.

Allergik reaksiya alomatlari qanday?

Shishish (yuz, qo‘l, lab, til va oyoqlarning birdan shisha boshlashi) - eng xavfli holat!

Namlangan ko‘zlar;

Birdan burun oqishi;

Qichinish;

Teri qizarishi;

Nafas olishda qiynalish.

Odatda allergik reaksiya allergen mahsulot yeyilganidan so‘ng bir necha daqiqalarda yoki ko‘pi bilan 2 soat ichida namoyon bo‘ladi.

Allergik reaksiya o‘tkir bo‘lsa, bola hayoti xavf ostida bo‘ladi.

Ba’zida kichik bolalarda biron mahsulot yegandan so‘ng ekzema yoki oshqozon bilan bog‘liq boshqa allergik reaksiyalar yuz berishi mumkin. Bu reaksiya asosan qusish, ich ketishi bilan namoyon bo‘ladi va vaqt bilan o‘zi o‘tib ketadi.

Allergik reaksiya mahsulotni birinchi yeyishdanoq yuzaga chiqishi shart emas. Ko‘pincha bola bundan oldin bir necha bor yeb ko‘rgan mahsulotiga ham reaksiya chiqishi mumkin. Undan tashqari biron mahsulotni o‘zi yeyilsa muammo bo‘lmay, boshqa mahsulot bilan aralashgan holda qabul qilinishi allergik reaksiya keltirishi mumkin.

Qanday mahsulotlar allergik reaksiya keltiradi?

Har bir organizm o‘zgacha bo‘lib, u aynan qaysi mahsulotga allergik reaksiya qilishini oldindan bilish qiyin. Lekin quyidagi mahsulotlar ko‘p hollarda bolada allergik reaksiyani qo‘zg‘atishi isbotlangan:

Tuxum;

Sut;

Yer yong‘oq, yong‘oq, keshyu;

Bug‘doy;

Soya;

Ba’zi baliq va dengiz mahsulotlari;

Asal.

Bolada allergik reaksiya bo‘lsa, ota-ona nima qilishi kerak?

1. Agar bolada mahsulot yeganidan so‘ng yuzi yoki lablari shishi boshlasa, nafas olishda qiynalayotgan bo‘lsa yoki to‘xtamay qusib ichi ketayotgan bo‘lsa, darhol tez yordamni chqirish kerak! Bu alomatlar hayot uchun o‘ta xavfli bo‘lgani uchun shifokorga telefon qilib maslahat so‘rash, bolani shifoxonaga olib borishga vaqt yo‘q. Bir necha daqiqalarda bolaning nafas olish yo‘llari shishdan bekilib qolishi xavfi bor. 

2. Agar bolada allergik rekatsiyaning boshqa alomatlari (qichinish, ko‘z namlanishi va hokazo) 2 soatni ichida namoyon bo‘lsa, shifoxonaga borib bolani tekshirtirish talab etiladi. Maxsus allergik test orqali bola organizmi qaysi mahsulotga reaksiya qilayotganini aniqlash mumkin.

3. Agar bolada biron mahsulotga reaksiya o‘tkirmas bo‘lgan bo‘lsa ham, keyingi safar ushbu reaksiya qaytarilishi va o‘tkirroq bo‘lishi ham mumkin. Ba’zida shifokor uy sharoitida qabul qilsa bo‘ladigan allergiyaga qarshi ukol yoki dori vositasini tavsiya etishi mumkin.

4. Doim! bolaning tarbiyachisi, o‘qituvchisi, enaga va umuman bola bilan qoladigan boshqa qarovchilarga bolada mavjud bo‘lgan allergik reaksiya haqida xabar berish shart. O‘sha mahsulotni bola yeb yubormasligini yoki unga yedirmasliklarini nazorat qilish kerak.

Bolada allergik reaksiya bo‘lmasligi uchun nima qilish kerak?

Afsus bolaning immun tizimi qaysi mahsulotga allergik reaksiya qilishi haqida oldindan bilishning iloji yo‘q. Birgina imkoniyat, tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, ko‘krak sutini emgan bolalarda immun tizimi allergiyaga bardoshliroq bo‘lar ekan.

Ovqatga bo‘lgan allergiyani davolasa bo‘ladimi?

Yo‘q, bunday allergiya davolanmaydi. Shuning uchun allergen mahsulotni yemaslik muhim, yeb qo‘yilganda esa darhol allergik reaksiyani bartaraf etish talab etiladi.