Amerika pediatriya akademiyasi mobil aloqa vositalari ta’siridan bolalarni himoya qilish bo‘yicha muntazam tadqiqotlar olib boradi va bu borada ota-onalarga tavsiyalarini e’lon qiladi. 1999 yilda ushbu akademiya farzand 2 yoshga to‘lmaguniga qadar unga mobil gadjetlarga yaqinlashish, ayniqsa go‘dakning elektron qurilmalar ekranlariga tikilishidan himoyalash bo‘yicha takliflarni ilgari surgan edi. Hatto, bu bo‘yicha qonun ishlab chiqilishini ham tavsiya qilgan. Oradan shuncha vaqt o‘tib akademiya fikrini o‘zgartirdi.
Akademiya fikricha, kattalar nazorati ostida bolalarning mobil qurilmalardan foydalanishi juda foydali. Misol uchun, videochatlarni olaylik. Skype yoki FaceTime kabi video muloqotlar 0 dan 18 oygacha bo‘lgan chaqaloqlarga ijtimoiy aloqalarga kirishishlari uchun katta yordamchi ekan. 18 dan 24 oygacha bo‘lgan go‘daklarga mobil qurilmalardan onda-sonda foydalanishga ruxsat berish kerak. Ammo, bunda ota-ona bolaga muayyan kontent yoki dastur bilan qanday ishlash mumkinligini tushuntirishi lozim bo‘ladi.
2–5 yoshdagi bolalarni esa mobil qurilmalardan himoyalash lozim. Boisi, bu ularni chalg‘itib, o‘z ustilarida ishlash ko‘nikmasini pasaytirishi mumkin. Ya’ni, hadeb planshet yoki smartfonlarga bog‘lanib qolgan bolada til bilan bog‘liq muammolar, odamovilik kabi ijtimoiy muammolar paydo bo‘lishi mumkin. Shuningdek, bu yoshda mobil qurilmalardan me’yoridan ortiq foydalanish bolalarning tushiga, miriqib hordiq olishiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Pediatrlar ota-onalarga farzandlariga har kuni uzog‘i bilan 1 soatdan oshiq elektron qurilmalar ekranlariga tikilishlariga ruxsat berishlarini tavsiya qilishmoqda. Shunda ham bolaga sifatli, ma’naviy-axloqiy tarbiyaga ijobiy ta’sir qiladigan materiallarni ko‘rish, o‘yinlarni o‘ynashga ruxsat berish kerak.
Amerika pediatriya akademiyasi 6 yoshdan katta bolalarning ekran vaqtini cheklash kerakligi to‘g‘risida maslahat beradi. Shu bilan birga, akademiya fikricha, ota-onalarning farzandlarida yotoqxonada hamda ovqat mahali elektronika gadjetlaridan foydalanmaslik ko‘nikmasini shakllantirishlari maqsadga muvofiq.