Samarqandlik mashhur tadbirkor Umar Rajabov 57 nafar bolaning xayriya sunnat to‘yini o‘tkazdi va ularning har biriga bankda hisob raqami ochib, unga bir million so‘mdan pul qo‘ydi. Tadbirga 1-son Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, Samarqand va Juma shaharlaridagi sakkizta mahalladan kam ta’minlangan oilalarning farzandlari taklif etilgan edi.
Bunday xayriya ishlarini tadbirkor ko‘p yillar davomida ixtiyoriy ravishda, hech qayerdan ko‘rsatma kutmasdan savob yo‘lida amalga oshirib kelmoqda, deb yozadi Kun.uz. Masalan, o‘tgan yili 30 nafar bolaga xayriya sunnat to‘yi o‘tkazgan va 1-son Mehribonlik uyiga avtobus va kompaniyasi tomonidan bunyod etilayotgan ko‘p qavatli uydan bitta kvartira sovg‘a qilgan edi.
Bu yil ham bolajonlar, ularning tarbiyachilari va ota-onalari uchun dasturxon yozildi hamda bolalarga to‘y liboslari berildi va sovg‘a-salomlar ulashildi. Umar Rajabovning davraga chiqib, har bir bolajon nomiga hisob raqami ochib, unga bir million so‘mdan pul qo‘yishi va bu mablag‘ ulardan har birining nikoh to‘yigacha yuqori foizda bankda saqlanishi haqidagi xabari olqishlar bilan kutib olindi. Ayrim onalar o‘zlarining quvonch ko‘z yoshlarini yashira olmadilar.
Xayriya tuyi avvalida viloyat bosh imom xatibi o‘rinbosari Xayrulla domla ana shunday tadbirning mohiyati va ahamiyatini Islom dinimiz nuqtai nazaridan tushuntirib berdi va Qur’oni karim suralaridan tilovat qildi.
O‘zbekiston faxriylarnining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi Samarqand viloyat bo‘limi boshlig‘i Hasan Normurodov o‘z chiqishida bolalarni ular hayotidagi bugungi ulkan voqea bilan tabrikladi. «Shuni esdan chiqarmaylikki, tadbirkor ko‘p, ammo o‘z ixtiyori bilan muntazam xayriya ishlariga qo‘l urayotganlar – hisobli. Ana shuday qo‘li ochiq ishbilarmonlardan biri Umar Rajabov bo‘ladi, – dedi u bolalarga qarata. – Sizlar ham ulg‘ayib, o‘zingizga va atrofdagilarga foyda keltiradigan yigitlar bo‘lib voyaga yetasizlar deb ishonaman. Bunga sizga Umar bobongizning yo‘li ibrat bo‘lsin».
To‘y kechasi bolalar qalbida bir umrlik muhr qoldirishi uchun tashkilotchilar ancha jonbozlik ko‘rsatishdi. Bolalarga ulkan tort sovg‘a qilindi. Ularni o‘yin-ko‘lguga chorlovchi kuy va qo‘shiqlar yangradi. Bu yo‘lda taniqli xonanda Asatulla Otaullayev, Muqimiy nomidagi o‘zbek davlat musiqali teatr aktyori Komron Otaullayev hamda «Aloviddin» guruhi jonbozlik ko‘rsatishdi.
Shuhrat Shokirjonov