Albatta kamdan kam onalar men yomon onaman deydi. Ko‘pgina ayollar «Albatta yaxshi onaman. Yemay yedirsam, kiymay kiydirsam. Butun hayotimni ularga bag‘ishlagan bo‘lsam. Yana nima qilish kerak?»,-deyishadi. Farzandlari biror muammo orttirib qo‘yishsa, xafa bo‘lib bu so‘zlarni takrorlashgani takrorlashgan. Demak yaxshi ona bo‘lish uchun farzandlarni yedirish, kiydirish, ularni oq yuvib, oq tarash kamlik qilar ekan. Xo‘sh, unda yaxshi ona bo‘lish uchun nima qilish kerak? Keling shu haqida fikrlashamiz.
Albatta barcha onalar topgan-tutganlarini farzandlariga, ularning baxtli bo‘lishiga bag‘ishlashadi. (Ba’zi ota-onalar buni juda oshirib yuborishsada). Ammo super ona bo‘lish uchun buning o‘zi kamlik qiladi. Unda super onalarga maslahat:
1.Farzandingiz sizdan hayoti uchun bir umr qarzdor. Juda jahlingiz chiqsada unga qilayotgan g‘amxo‘rligingizni minnat qilmang. Bu ularga og‘ir botadi. Axir farzandli bo‘lishni o‘zingiz xoxlagansiz. Ona bo‘lish majburiy emas, ammo ona bo‘lgandan keyin farzandlariga g‘amxo‘rlik qilish majburiy.
2. Ba’zida ishdan, ba’zida turmush o‘rtog‘ingiz bilan janjallashib, kayfiyatingiz tushadi. Buni farzandingizga bildirmang. Ba’zi onalar kayfiyatlari bo‘lmasa, achchiqlarini bolalardan oladilar. Yo bo‘lmasa nariroq tur o‘zi kayfiyatim yo‘q deb jerkib tashlaydilar. Albatta, buni ular chin yurakdan qilmaydilar. O‘zim tuqqan bolamku, ertaga biror sovg‘a olib bersam esidan chiqadi,-deb o‘ylashadi. Ammo bu juda xato fikr. Bora-bora ular sizni xafa qilgan kishilardan nafratlanadigan yoki umuman oldingizga kelmaydigan bo‘lishadi.
3. Farzandingizga quloq solishni, uni tinglashni o‘rganing. Siz uchun eng kichkina ko‘ringan muammolarini ham yechishda ularga yordam bering . (Bu muammolar ular uchun kichkina emasda). Shunda ular sizga ishonishadi, sizga suyanishadi.
4. Ko‘pchilik oldida ularning kamchiliklarini aytib kulmang, ularni izza qilmang, urushmang, ularga baqirmang. Yaxshisi bu haqda ular bilan yakkama-yakka gaplashib oling. Agar ularni ko‘pchilik oldida urushsangiz ularning ruxi cho‘kadi. O‘ziga ishonchi yo‘qoladi.
5. Farzandingiz uchun eng ishongan, sodiq do‘stga aylaning. Sirlarini boshqalarga aytmang. Yordam so‘rasa urushib, janjal ko‘tarmang. Oldin uni yaxshilab tinglang, so‘ngra birgalikda muammoni yechishga harakat qiling. Shunday ham asabiylashib turgan bolangizni urusha boshlasangiz muammolarini sizga aytmay qo‘yadi. Maslahat kerak bo‘lganda boshqalarga murojaat qiladi.Oqilroq odam uchrasa yaxshi, ammo o‘ziga o‘xshagan tajribasiz o‘rtoqlariga uchrab qolsa kichkina ko‘ngilsizlik ham bir zumda katta muammoga aylanib qoladi. Eng yaxshi yo‘l u har qanday sharoitda ham siz bilan sirlashsin.
6.Boshqalarning farzandlari haqida ham yaxshi gaplarni gapiring. Ha otasi kim edi bolasi kim bo‘lardi deb ularni kamsitmang. Aksincha, farzandingiz do‘stlarining kamchiliklarini gapirsa, yoki uni kamsitsa, unga kamchiliksiz odam bo‘lmasligini tushuntiring. Shunda u sizning oqko‘ngil insonligingizdan o‘rnak oladi.
7. Farzandingizning har bir kichkina yutug‘idan ham xursand bo‘ling. Yutuqlarini birga nishonlang. E’tiborsiz bo‘lmang. Yaxshi baholari, yaxshi xulqi uchun maqtab turing. U bilan faxrlanishingizni ayting. (Faqat maqtashni juda oshirib yubormang. Unda bola maqtanchoq va e’tibor talab bo‘lib qoladi).
8. Farzandingiz bilan ba’zi bir, yoshiga mos bo‘lgan narsalarda maslahatlashib turing. Uning fikrini ma’qullang. Ayniqsa o‘g‘il bolalar bilan shunday munosabatda bo‘lsangiz, ular o‘zlarini ulg‘aygan his qiladilar. Sizning ishonchingizni oqlashga harakat qilishadi.
9. Qo‘lingizdan kelmaydigan, bajara olmaydigan narsalarni bolaga va’da bermang. Va’da berayotganda yaxshilab o‘ylang. Ha bolada, esidan chiqib ketadi deb o‘ylamang. Agar shunday yo‘l tutsangiz farzandingiz ham sizdan o‘rnak olib va’daboz, tutruqsiz bo‘lib o‘sadi.
10. Eng asosiysi farzandingizga har kuni uni yaxshi ko‘rishingizni, doim uni qo‘llashingizni, unga ishonishingizni aytishdan charchamang.
Dilbar Hamdamova, psixolog