Ta’m bilish sezgisi buzilishi xastaligiga chalinib, unga qattiq o‘rganib qolar ekan..., deya yosh onalar ba’zan go‘dagiga so‘rg‘ich berish-bermaslikka ikkilanib qoladi. Ikkinchi taraf (qaynona, ona…) esa bolaning tili ketib qolishi mumkin…, deya so‘rg‘ich berishni talab qiladi.
Pediatr-shifokor Ra’no MIRKOMILOVA shunday deydi:
- Tilning ketib qolishi (ya’ni til tanglayning orqa devoriga yopishib qolib, o‘pkaga kislorod yetib bormasligi) – bolalar o‘limi sindromi sog‘lom bolalarda ham uchrashi mumkin. Maxsus ortopetik (yassi, tomchi ko‘rinishidagi) so‘rg‘ichlar tilni pastki tanglayga bosib turadi va xavfli holatning oldini oladi. So‘rg‘ichlar bundan boshqa holatlarda zararli hisoblanadi. Shuning uchun so‘rg‘ichlar mazkur sindromning oldini olishda yagona usul sanalmaydi.
Mutaxassislar til ketishining oldini olish uchun onalarga bolani uxlayotganda 45 daraja burchak ostida yonboshlatib yoki chalqancha yotqizishni tavsiya etishadi.
Umuman, qaysi vaqtda go‘dakka so‘rg‘ich tutgan ma’qul?
Bola och bo‘lmagan, ammo so‘rishni istayotgan, og‘zini ochib nimani ilinsa, o‘shani (barmoqchalari, kiyimchalari, choyshabi, o‘yinchoqlari…) so‘rishga shay holatda harakatlar qila boshlagan vaqtda bergan ma’qul.
Biroq bola so‘rg‘ich bilan uxlashga odatlanib qolmasligi lozim. Chunki bola og‘zidan so‘rg‘ich chiqib ketgach, uyg‘onib, uni yana og‘ziga solishlarini talab qilib yig‘lay boshlaydi. Og‘zida so‘rg‘ich bilan uxlashga o‘rganib qolgan bola, qancha uyqusi kelmasin, so‘rg‘ichsiz uxlay olmaydigan bo‘lib qoladi.
So‘rg‘ich go‘dakni yon-atrofdan oladigan barcha taassurotlardan chalg‘itadi ham. Bundan tashqari, doimo og‘zida so‘rg‘ich bilan yurgan bolaning tili tengqurlariga qaraganda ancha kech chiqadi, shuningdek, o‘sha vaqtda intellektual darajasi ham risoladagidek bo‘lmasligi mumkin.