Chaqaloq

Tagliklar haqida haqiqatlar

Bir martalik tagliklar gel hosil qiluvchi to‘ldirgichlar va yumshoq material tufayli, chaqaloq bovul qilganidan keyin ham uning terisini quruq holda saqlaydi. Tagliklar tarafdorlari ulardan foydalanishdagi oddiylikni va ular bola parvarishida yaratadigan qulayliklarni qadrlasa, tabiiy gigiyena tarafdorlari tagliklardan doimiy ravishda foydalanish bolaga o‘zining tabiiy ehtiyojlarini to‘g‘ri baholash va boshqarishda xalal berishiga ishonchi komil.

Tagliklar bolaga zarar keltirishi mumkinmi?

Ko‘pincha bir martalik tagliklarni doimiy ravishda taqish o‘g‘il bolalarda bepushtlikni keltirib chiqarishidan xavfsirashadi, biroq bu borada aniq dalillar yo‘q; taglik badanga tegib turgan joylarda harorat biroz ko‘tarilishi mumkin, xolos. Ammo, agar taglik uzluksiz taqilsa va kamdan-kam hollarda almashtirilsa, bu terida qichishishlar va turli toshmalar paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, tagliklar uzoq vaqt yangilanmasa, bolaning jinsiy organlari axlat bilan shuncha ko‘p aloqada bo‘lib turadi, natijada turli shamollashlar yuzaga keladi (ayniqsa qizlarda). Bir—bir yarim yoshdan keyin tagliklar muntazam ishlatilsa, bolaning tuvakka o‘rganishi juda sekin kechadi.

Qanday hollarda tagliklardan foydalanmagan ma’qul?

Taglik bola gavdasining qariyb uchdan bir qismini yopib turadi, shu tufayli, agar bolada yuqori harorat kuzatilayotgan bo‘lsa, u issiqlik almashuvi normal kechishiga to‘sqinlik qilishi mumkin. Ichak faoliyati buzilganida, xususan, ich suyuq kelayotganda, taglik kiyib yurish teriga zarar yetkazishi mumkin. Pediatrlar, shuningdek, bola chala tug‘ilganida dastlabki to‘rt—olti hafta davomida taglikdan foydalanmaslikni tavsiya qiladi.

Tagliklar allergiya keltirib chiqarishi mumkinmi?

Ha, agar taglikdan foydalanganda, bolaning terisi qizarsa, toshmalar yoki dog‘lar paydo bo‘lsa, bu individual ko‘tara olmaslik yoki kontaktli dermatit bo‘lishi mumkin. U holda dastlab taglik markasini almashtirib, maxsus kremdan foydalanib ko‘ring, simptomlar o‘tib ketmasa, albatta pediatr bilan maslahatlashing. Ehtimol, bunday ota-onalarga tuvakka barvaqt o‘rgatish usulidan foydalanishiga to‘g‘ri keladi.

Tagliksiz qanday amallash mumkin?

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, bolani tuvakka barvaqt (chaqaloq tug‘ilganidan keyingi ilk haftalardanoq) o‘rgatish uni tagliksiz ham eplash imkonini berishi mumkin. Bundan tashqari, oddiy yo‘rgaklar yoki ko‘p martalik matoli tagliklardan foydalanish mumkin. Nima bo‘lganda ham, bir martalik taglik bola va onaning faqat “vaqtinchalik” do‘sti ekanligini unutmang. O‘z farzandlarini zamonaviy tagliklarsiz katta qilgan ona-buvilardan maslahat oling.

Tagliklardan to‘g‘ri foydalanish qoidalari

Avvalambor, taglikni bolaning og‘irligidan kelib chiqib, kattalik bo‘yicha to‘g‘ri tanlang: odatda o‘ramda har bir o‘lcham mo‘ljallangan vazn diapazoni ko‘rsatiladi. Taglikni kuniga kamida besh—olti marta almashtirish kerak, aks holda bolada noqulaylik, qichishish va dermatit paydo bo‘lishi mumkin. Pediatrlar teri “pishib” qolmasligi uchun maxsus kremlardan foydalanishni ham tavsiya etadi.

Shuningdek, kun davomida bir necha marta (masalan, har safar yangi taglik kiydirayotganingizda) bola uchun “havo vannasi” uyushtirish ham juda muhimdir, bu kundalik chiniqtirish nuqtai nazaridan ham bola terisi uchun juda foydali.