Rayan – oddiygina besh yashar bola: o‘yinchoq mashinalar o‘ynashni, uch oyoqli velosipedini minishni va boshqa o‘yinlarni yaxshi ko‘radi. Uning onasi esa, ko‘pchilik oyijonlar qatori, bolasini videotasvirga olish va bu roliklarni boshqalar bilan baham ko‘rishni yoqtiradi. Rayanning o‘zgalardan farqi – uning kundalik mashg‘ulotlarini butun dunyo bo‘ylab yuz millionlab kichkintoylar tomosha qilishadi, deb yozadi The Verge.
Eng yosh yulduz
Mazkur oilaning Ryan ToysReview deb nomlangan YouTube-kanali 2015 yilning mart oyida yaratilgan va boshida unchalik ommalashmagan. To‘rt oydan keyin unda
Mana, 18 haftadirki, Ryan ToysReview AQShda eng ommabop YouTube-kanal bo‘lib kelmoqda, dunyo bo‘yicha esa bu borada u ikkinchi o‘rinda. Bolakayning kanali PewDiePie va Jastin Biber kabi yulduzlarning, yana BuzzFeed, The Tonight Show va WWE singari mediakorporatsiyalarning kanallarini ortda qoldirgan. Bunaqa mashhurlik kanal sohiblariga reklamalarning o‘zi orqaligina oyiga million dollarga yaqin daromad keltirmoqda.
«U YouTube tarixidagi eng yosh yulduzdir, – deya ta’kidlaydi sanoat tahlilchisi va TubeFilter sayti asoschisi Josh Koen. – Rayan har haftada milliardlab marta tomosha qilinadigan janr yulduzidir».
Xo‘sh, qanaqa janr ekan?
O‘yinchoqlarni sharhlab videotasvirga olish va buni YouTube’ga yuklash ancha oldin o‘ylab topilgan. 2013 yilning kuzida shu ish bilan shug‘ullanuvchi eng ommabop DisneyCollecterBR kanali ko‘rishlar soni bo‘yicha kuchli o‘nlikka kirgan. Kanalni hech qachon o‘z yuzini ko‘rsatmagan katta yoshli ayol yuritardi. U yangi o‘yinchoqlarning o‘ramini ochar va ularni o‘ynar, past va yumshoq ovozda gapirar, hamisha bir xil rakursdan suratga olardi. 2014 yilning yoziga kelib uning kanali AQShning eng ommabop kanallari ro‘yxatida yetakchilik qildi.
Videolavhalarda bolalarning o‘zlari suratga olina boshlagach, janr go‘yoki qayta tug‘ilgandek bo‘ldi. 2015 yil martda ommaviy axborot vositalarida bir oila haqida xabarlar tarqaldi: ular o‘z bolalarining o‘yinchoq o‘ynashlarini suratga olib YouTube’ga yuklash orqali pul ishlab topishar ekan. The Guardian hisobotiga ko‘ra, saytdagi 100 ta eng yirik kanaldan 20 tasi aynan o‘yinchoqlar haqida bo‘lib, har biri to‘rt yarim milliarddan oshiq ko‘riladi. Rayan esa avvaliga ana shu kabi lavhalarning shunchaki tomoshabini edi.
Yulduzlik sari qadam
«O‘g‘limiz o‘yinchoqlar sharhi beriladigan kanallarni tomosha qilishni yaxshi ko‘rardi, ayniqsa, EvanTubeHD va Hulyan Maya – chunki ular ko‘pincha Rayan yoqtiradigan Parovozcha Tomas haqida lavhalar berishardi, – deydi uning onasi TubeFilter bilan suhbatda. – Bir kuni u mendan so‘rab qoldi: «Nega hamma bolalar YouTube’ga chiqishadi, men esa chiqmayman?» Shundan keyin biz o‘ylab qoldik: ha, biz ham shunday qilsak-chi? Do‘konga borib, videorolik uchun ilk o‘yinchoqni sotib oldik, adashmasam, bu Lego poyezd to‘plami edi – hammasi shundan boshlandi».
Shu tariqa tashkil etilgan Rayan kanali, garchi katta janrning bir bo‘lagi bo‘lsa-da, misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishdi. Hali ikki yoshga ham to‘lmagan Ryan ToysReview kanali allaqachon 5,5 mln obunachi to‘plagan, bu esa Rayan sevgan ikkita kanalning umumiy obunachilari sonidan ham ko‘p.
Aytish kerakki, bolaning onasi suratga olayotgan lavhalarni mutlaqo yangi janr, desa bo‘ladi. Uning xususiyatlari esa maromiga yetkazilgan – bola yangi o‘yinchoqni bevosita o‘zi o‘ramidan ochib tomosha qiladi va o‘ynaydi. Bunda bolakaylarning beg‘ubor qiziqishlari hamda barchaga xos bo‘lgan kundalik iste’mol madaniyati o‘zaro birlashib, uyg‘unlashib ketgan.
Yangicha yo‘nalish
Kanal nomidan ham anglash mumkin – undagi lavhalarning aksariyati Rayan yangi o‘yinchoqni baholashiga asoslangan. O‘zining birinchi roligida bolakay aynan shuni qiladi – Lego Duplo konstruktorini ochib, undan olgan taassurotlarini uch yoshli bolakayning qiziqishlari darajasida, ya’ni yuz harakatlari va o‘yinlari, ayrim so‘zlari bilan ifodalaydi. Kichkintoy o‘yinchoq detallarini qutisidan oladi va qiziqish bilan o‘ynay boshlaydi. Videolavhada harakat juda oz, bir xil rakurs deyarli o‘n daqiqa ushlab turilgan. Rayan xotirjam o‘ynaydi va oxirida: «Keyingi gal ko‘rishamiz», deb qo‘yadi – bor-yo‘g‘i shu.
Biroq borgan sari o‘yinchoqlarni sharhlovchi bu videolavhalar takomillasha bordi: ikkinchi roligida bolakay birdaniga ikkita o‘yinchoqqa baho beradi, keyinchalik esa bitta rolikda o‘nlab o‘yinchoqlarning qutisini ochib, ularni o‘ynab ko‘radi va taassurotlarini gapirib boradi. Kanaldagi eng ko‘p – 568 mln marta ko‘rilgan lavhada Rayanga birdaniga yuzlab o‘yinchoq berishadi. Kichkintoy ularning har biriga bir necha soniyagina vaqt sarflaydi, birini qo‘yib birini ochib ko‘radi, oxirida chala ochilgan qutilaru o‘yinchoqlar orasida qiyqirib yuradi.
Bolakay tavsiya qiladi!
Nisbatan yangi joylangan videoroliklarda endi Rayan o‘yinchoqlarni o‘ynashdan ko‘ra ko‘proq uni sharhlaydi. O‘yinchoqqa yoki kameraga qarab gapirib, qiziqishlarini ifodalaydi. Shuningdek, tomoshabinlardan kanalga obuna bo‘lib qo‘yishlarini so‘raydi.
Ko‘pincha yangi lavhalar nomlanishida 4-5 tacha o‘yinchoq nomi ko‘rsatiladi-da, tavsifida yuzlab so‘zlar bo‘ladi, ularda mahsulotlar va kompaniyalarga yo‘naltiruvchi havolalar joylashtiriladi. Shu tariqa, bolakay o‘ynayotgan o‘yinchoqlar reklama qilinadi.
O‘yinchoqlar sanoatida Rayan kabilarga eng katta e’tibor qaratiladi. «Mahsulot haqidagi rolikni o‘n, yigirma million martalab ko‘rishadi, u bolalarga yoqadi, bu esa shu o‘yinchoq savdosiga juda katta ta’sir ko‘rsatadi, – deydi sharhlar olib boruvchi Toys, Tots, Pets and More sayti bosh direktori Jim Silver. – Rayan esa biz ko‘rgan yulduzlar orasida eng kichik yoshlisidir. Ko‘pincha sharhli videolarda olti yosh va undan katta bolalar suratga olinadi, chunki bu yoshdan ular yetarlicha so‘z boyligiga ega bo‘lib, fikrlarini batafsilroq ifodalay olishadi».
Reklama biznesidagi mittivoylar
Silver o‘zining qishki shousida Rayan ishtirok etishi uchun uning oilasiga haq to‘ladi. Menedjerning so‘zlariga ko‘ra, o‘yinchoq ishlab chiqaruvchi va sotuvchilar ko‘pincha shouning suratga olish ishlariga homiylik qilishadi va ommabop YouTube-blogerlarga mahsulotlarini bepul yuborishadi.
O‘yinchoq ishlab chiqaruvchilar va ularning mitti sharhlovchilari orasidagi munosabatlar hozircha aniq tartibga solinmagan. «Bu kompaniyalar uchun yangi, juda istiqbolli va samarali reklama turidir, garchi qisman ong ostiga ta’sir qilsa-da. O‘ylaymanki, bundan keyin shunaqa yo‘nalishlarga ko‘proq duch kelaveramiz», – deydi Motley Fool o‘yinchoqlar kompaniyasi sanoat tahlilchisi Jeyson Mozer.
Rayanning ota-onasi aytishicha, videosharhlar uchun o‘yinchoqlarni o‘zlari sotib olishar ekan. Biroq uning otasi TubeFilter’ga, kanal endi reklama biznesiga kirib borishni rejalashtirmoqda. Endi reklamali epizodlar, AQSh Federal savdo komissiyasi talab qilganidek, diskleymerlar bilan paydo bo‘ladi.
Rayan YouTube’ni ham o‘zgartirdi
Bu kabi roliklar mohiyati ham YouTube’ning yanada global maqsadlariga mos keladi. «Algoritmdagi o‘zgarishlar Ryan ToysReview kanalining muddaolariga moslashdi, – deya qo‘shimcha qiladi Koen. – YouTube tomosha qilishning o‘rtacha davomiyligini uzaytirish uchun algoritmni ham modifikatsiya qildi. Mazkur lavhalarni ko‘ruvchi bolajonlar bu tomoshaga YouTube’ning o‘rtacha foydalanuvchisidan ko‘ra ko‘proq vaqt sarflashadi. Menimcha, qo‘liga internetga ulanuvchi qurilma tushib qolgan uch-to‘rt yashar bolakay videoroliklarni ko‘proq va oxirigacha ko‘rishadi, bu esa YouTube uchun ayni muddao».
Boshqacha aytganda, Rayanning mashhurligi katta korporatsiyalarga ham daromad keltirayotir. Hali YouTube bo‘lmagan davrlarda oddiy bolakayning o‘yinlaridan tijorat maqsadlarida foydalanish va biror yirik mediakompaniya bilan u yoki bu tarzda shartnoma tuzmasdan turib, yuz millionlab tomoshabinlarning e’tiborini biror mahsulotga jalb etish imkoni yo‘q edi. Hozir esa oddiy xonadon o‘z uyidan turib ham bu kabi biznes bilan shug‘ullanishi mumkin.
Videolavhalar va kun tartibi
Rayanning ota-onasi bolaning vaqti masalasida ham ishga oqilona yondashishmoqda. Uning onasi TubeFilter’ga bu haqda shunday deydi: «Biz odatda haftasiga ikki-uch marta, har gal 2-3 ta videolavhani suratga olib qo‘yamiz va kanalga kuniga bittadan rolik yuklaymiz. Suratga olish ishlari bolamizning bog‘cha vaqtiga to‘g‘ri kelmasligiga e’tibor qaratamiz – ko‘pincha dam olish kunlari videoga tushiramiz va u band paytlari lavhalarni tayyorlaymiz».
Endi mazkur kanal nafaqat Rayan va o‘yinchoqlar haqida. Har gal u Disneylendda o‘ynagani, sartaroshga borgani, hatto kasallanib qolgani ham suratga olinadi va kanalga joylanadi. Buni ham millionlab tomoshabinlar kuzatishadi.
Onasining aytishicha, toki bolaga roliklarda suratga tushish yoqar ekan, buni davom ettiraverishadi. Ammo hamisha e’tiborga, kameraga o‘rganib qolgan bolakay buni to‘xtatishga ko‘narmikan? Ota-onasi ham, millionlab dollar foyda keltirayotgan bu videolavhalarni suratga olishni to‘xtatib qo‘yishi qiyin-ov…
Yangi yulduzlarni kuting
Darvoqe, Ryan ToysReview sahifasining «Kanal haqida» bo‘limida yozilishicha, videolavhalarda suratga olingan o‘yinchoqlarning aksariyatini xayriya tashkilotlariga berishar ekan.
Keyingi paytlarda kanalning lavhalarida o‘yinchoqlardan ko‘ra ko‘proq bolaning o‘ziga, oilasiga e’tibor qaratilgan. Ma’lum bo‘lishicha, hozirda Rayan eng yosh yulduz hisoblanadi, biroq yaqinda videolari YouTube’ga qo‘yila boshlagan uning egizak singillari bu «shuhrat»ni undan olib qo‘yishlari ham mumkin.