Bilasizmi?

Toshkentda fransuz tiliga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etiladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti qoshida fransuz tiliga ixtisoslashtirilgan maktabni tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Mazkur qaror O‘zbekiston va Fransiya davlatlari o‘rtasidagi madaniyat va ta’lim sohalaridagi o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlash, fransuz tili bo‘yicha chuqur bilimga ega bo‘lgan yoshlarni voyaga yetkazishga xizmat qiladi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim hamda Halq ta’limi vazirligining 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti muassisligida “Fransuz tiliga ixtisoslashtirilgan maktab” davlat umumta’lim maktabini ta’sis etish to‘g‘risidagi takliflariga asosan, yangi maktab o‘quvchilarini qabul qila boshlaydi.

2019/2020 o‘quv yilida maktabning 7-8-9-10 sinflariga 40 nafardan o‘quvchilar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan fransuz tili va ona tili fanlaridan test sinovlari asosida qabul qilinadi.

Fransiya va boshqa tili o‘rganilayotgan xorijiy mamlakatlardagi maktablar bilan doimiy hamkorlik o‘rnatiladi.

Maktabdagi o‘qish jarayonida yuqori bilim va salohiyatni ko‘rsata olgan o‘quvchilar hamda maktabning yetakchi pedagog-o‘qituvchilari uchun xorijiy mamlakatlarda amaliyot o‘tash va malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.

Maktab  bitiruvchilari davlat namunasidagi umumiy o‘rta ta’lim ma’lumoti to‘g‘risidagi hujjatni oladi.