Salomatlik

Yassioyoqlik — davosiz dard emas.

Yassioyoqlik oyoq panjasining murakkab va eng ko‘p uchraydigan deformatsiyasidir. U tug‘ma va orttirilgan bo‘lishi mumkin. Tajribada asosan orttirilgan yassi-oyoqlik uchraydi. Yassioyoqlikning paydo bo‘lishida yondosh kasalliklar (raxit, miopatiya, nevrologik kasalliklar, jarohat), ratsional bo‘lmagan poyabzal sabab bo‘lishi mumkin.

Yassioyoqlikning quyidagi klinik belgilari mavjud: boldir-panja bo‘g‘imi suyaklari joylashishida shunday buzilish ro‘y beradiki, panja kaftining o‘rtasi – yerga tegmaydigan qismi yassilanib, tegadigan bo‘ladi, natijada, oyoq kafti kengayib, yalpoqlanib qoladi. Bu kasallik qizlar va o‘g‘il bolalarda deyarli bir xil darajada uchraydi. Yuqorida sanab o‘tilgan o‘zgarishlar natijasida bolalarning qadam tashlashi buziladi, og‘irlik oyoq kaftiga zarb bilan tushadi va tayanch-harakat sistemasining yuqori qismiga ham noto‘g‘ri taqsimlanadi, ikkilamchi deformatsiya va kasalliklar paydo bo‘ladi. Oyoq venalarining varikoz kengayishida ham yassioyoqlikni ma’lum darajada sababchi deb ko‘rsatish mumkin.

Davolash usullari haqida gapirganda, yassioyoqlik aniqlanishi bilan muolajalarni boshlash zarurligini aytish maqsadga muvofiq. Tug‘ma yassioyoqlikda bola chillalik davridan boshlab davolovchi massaj va vanna qabul qilgani ma’qul. Orttirilgan yassioyoqlikning birinchi belgilari paydo bo‘lishi sezila boshlagach – davolovchi massaj, kalsiy xlor eritmasi bilan elektroforez, parafin yoki ozokerit aplikatsiyalari, tuzli davolovchi vannalar buyuriladi. Poyabzal, albatta, supinatorli bo‘lishi kerak. Umuman oyoq kiyimi haqida gapirganda, kun davomida faqat bitta oyoq kiyimida yurish maslahat berilmaydi, uni bir-ikki marta almashtirish maqsadga muvofiq. Ushbu kasallikda xirurgik usuli juda kam holatlarda qo‘llaniladi.

Yassioyoqlik uzoq vaqt davolanadigan, sabr va qanoat talab qiladigan kasallik ekanligini unutmaslik kerak. Bu kasallikni bolalarda asoratsiz to‘liq davolash mumkin. Kattalarda ham davolash muolajalari doimiy ravishda o‘tkazib turilsa, hech qanday asoratlar kuzatilmaydi.

Manba: Avitsenna.Uz